Markaz haqida
Samarqand davlat universitetida raqamli texnologiyalar fakulteti va Galgotias universiteti bilan
hamkorlikda Hindiston-O’zbekiston sun’iy intellekt va mashinali o’qitish markazining ochilish marosimi
bo’lib o’tdi. Unda Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori
Hakim Xushvaqtov, xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektor Akmal Axatov, raqamli texnologiyalar fakulteti
jamoasi va Hindistonning Galgotias universiteti professor-o’qituvchilari zoom platformasi orqali onlayn
ishtirok etdi.
Ushbu markazning asosiy vazifasi zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim beradigan mutаxassislarni
tayyorlash, almashinuv dasturlarini yo’lga qo’yish, simpozium va konferensiyalar uyushtirish, sun’iy
intellekt, blokcheyn, bioinformatika, biznes analitika yo’nalishlari bo’yicha ilmiy ishlar olib borish
hamda tadqiqotchilarning ilmiy maqolalarini nufuzli jurnallarda chop etishga ko’maklashishdir.
- Hindiston-O’zbekiston sun’iy intellekt va mashinali o’qitish markazining ochilish Samarqand davlat
universitetining xalqaro aloqalarini va ilmiy nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi, - deydi
SamDU
ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor Hakim Xushvaqtov.
– Bu kabi markazlarning tashkil
topishi xalqaro hamjamiyatda universitet reytingini belgilashda va tadqiqotlarimiz samarasini qay
darajada ekanligini bilishga katta rol o’ynaydi. Qolaversa, tajribalarimizni qo’llashda sinov
maydonchasi bo’ladi. Ushbu markazning faoliyati ikki tomonlama foydali bo’lishiga ishonchim komil…
- Samarqand davlat universiteti bilan 2018-yildan boshlab hamkorlik aloqalarni yo’lga qo’yganmiz, -
deydi Galgotias universiteti informatika va muhandislik
fakulteti dekani, professor Munish Sabharwal. –
Markaz darslari ingliz tilida olib boriladi. Ushbu markazda tahsil olgan talabalar bir semestr davomida
Galgotias universitetiga o’qishlarini davom ettirishlari mumkin. Qolaversa, sun’iy intellekt, blokcheyn,
bioinformatika, biznes analitika yo’nalishlari bo’yicha tadqiqot olib borishda Galgotias universitetidan
ilmiy rahbar tayinlaymiz va bu borada doimiy hamkorlikka tayyormiz…